• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat Tumanlararo sudning “bir ko‘zini qisib” qabul qilgan qarorini viloyat iqtisodiy sudi sudyalari ikki qo‘li bilan ma’qulladi!
Jamiyat
Huquq

Tumanlararo sudning “bir ko‘zini qisib” qabul qilgan qarorini viloyat iqtisodiy sudi sudyalari ikki qo‘li bilan ma’qulladi!

  • 25.11.2024 / 20:09
  • 289
  • 0
111

Farg‘ona viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi yaqinda apellyatsiya instansiyasining 2024-yil 31-iyul kungi qarorini bekor qilib, Rishton tumanlararo iqtisodiy sudining 2024-yil 14-iyundagi qarorini "ikki qo‘llab ma’qulladi". Vaholanki, Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi Rishton tuman hokimining soxta dalolatnoma asosida qabul qilingan va hech qanday asossiz hajmi ko‘payib qolgan yer maydoni bo‘yicha chiqarilgan qarorini kuchda ekanligini asos qilib, hal qiluv qarori chiqargan edi.

Xabaringiz bo‘lsa, Vodiy24.uz tahririyati bir necha oydan buyon rishtonlik tadbirkor (avtomashinalar ustasi) Mardonov Jamoliddinning bir sotixli maydonga joylashgan ustaxonasi yuzasidan bo‘layotgan nizolar haqida yozib kelmoqda.

Jamoliddin Rishtonda 2009-yildan buyon MTPga tegishli bitta xonadan iborat, 103 m2 joydan ijara asosida foydalanib kelgan. 2021-yil MTP rahbari R.Ahmadjonov ko‘rsatmasi bilan ushbu joyni sotib olish maqsadida 48 mln. so‘m mablag‘ni MTPning qarzlariga to‘lagan. Ammo joy uning nomiga rasmiylashtirib berilmagan. Sababi esa...

Hozirgi kunda Rishton tuman prokuraturasi Rishton tuman hokimining 09.12.2020-yil kungi 1528-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish yuzasidan Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritgan. Ushbu ariza ko‘rib chiqilayotgan jarayonda viloyat iqtisodiy sudi taftish instansiyasi yuqoridagi ishni ko‘rib chiqdi.

J.Mardonov tomonidan sudga mazkur sud jarayonini to‘xtatib turishni so‘rab iltimosnoma kiritilgan bo‘lsada, sud ishni to‘xtatmadi va yuqoridagi qarorni qabul qildi.

Xo‘sh, nima bo‘pti shunga dersiz! Shunday bo‘ldiki, Rishton tumanlararo iqtisodiy sudi tuman hokimining 2018-yildagi qarorini qabul qilinishiga soxta dalolatnoma asos bo‘lganligini bila turib, o‘z qaroriga mazkur holat haqida yozmasdan, 2015-yilda tuzilgan dalolatnoma va 2020-yildagi 1528-sonli hokim qarorini yozib, o‘z qarorini qabul qilgan. Bundan tushunsa bo‘ladiki, sudya qarorga o‘ziga kerakli ma’lumotlarni yozib, qolgan ma’lumotlarni qoldirib ketgan.

Oldi-sotdi shartnomasiga asosan 22.09.2016-yilda topshirish-qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtirilib, unga ko‘ra MTPning 2 qavatli oshxona binosi 310,4 m2 dan iborat hamda 9,03 m2 dan iborat zina maydoni va unga tegishli bo‘lgan 0,09 ga yer maydoni, jami 0,1219 ga yer maydoni “Roshidon yog‘dusi” xususiy korxonasiga topshirilgan.

Mazkur dalolatnomaga asosan 24.10.2018-yilda Rishton tuman xokimining 2236-sonli qarori qabul qilinib, “Roshidon yog‘dusi” xususiy korxonasiga xususiylashtirib berilgan oshxona binosiga tegishli 1219,0 m2 yer maydoni biriktirib berilgan.

Shartnomaga ko‘ra, “Roshidon yog‘dusi” XK faqatgina 319,43 m2 binoni sotib olgan, 0,09 ga yer maydonini sotib olmagan. Lekin hokim qaror chiqarishda hech qanday qonuniy asoslarsiz 0,09 ga yer maydonini “Roshidon yog‘dusi” XKga biriktirib bergan.

Tumandagi doimiy komissiyaning 26.11.2020-yildagi dalolatnomasida Rishton tuman hokimining 24.10.2018-yildagi 2236-sonli qarorini qabul qilinishiga asos sifatida "Rishton agroservis MTP ISM" MCHJ direktorining 25.09.2020-yildagi 516-07-sonli ma’lumotnomasida "Roshidon yog‘dusi" xususiy korxonasi Rishton tumani "Farovonlik" MFY Baxtiyor ko‘chasi 13-uyda joylashgan 1510,40 m2 yer maydondan foydalanib kelayotganligi qayd etilganligi ko‘rsatilgan va ushbu maydonlarga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilgan.

Vaholanki, qaror va dalolatnomaga asos qilib olingan 25.09.2020-yildagi 516-07-sonli ma’lumotnoma “Rishton agroservis MTP ISM” MCHJ direktoriniki emas, balki R.Axmadjonovning nomiga "Farg‘ona agroservis MTP" MCHJ direktori S.Imomaliyev nomidan yozilgan aloqa xati bo‘lib, nizoli 0029-literdagi naves binosi xususiy korxonaning 13.11.2019-yildagi kadastr hujjatiga kiritilib, rasmiylashtirib berilganligi qayd etilgan.

Shuningdek, tuman hokimining 09.12.2020-yildagi 1528-sonli qaroriga asos qilib olingan 17.02.2015-yildagi “Rishton tuman MTP" AJning ishchi komissiyasi tomonidan jamiyat balansidagi ayrim nosoz va yaroqsiz holatda turgan asosiy vositalarni hisobdan chiqarish bo‘yicha dalolatnoma”da MTPga tegishli bo‘lgan mulklarni "Roshidon yog‘dusi” xususiy korxonasiga o‘tkazilishi belgilanmagan.

Shu bilan birga, Rishton tuman hokimining 24.10.2018-yildagi 2236-sonli qarorida ham 0029-literdagi naves binosi "Roshidon yog‘dusi" xususiy korxonasiga tegishli ekanligi umuman qayd etilmagan. MIB Farg‘ona shahar bo‘limining 02.10.2019-yildagi 102/103-19-sonli ma’lumotnomasida esa faqat ushbu binoga taqiq yo‘qligi ma’lum qilingan xolos. Rishton tuman hokimligi yuqoridagi hujjatlarni asos qilib, 1528-sonli qarorini chiqargan.

Natijada “Yermulkkadastr" DK Rishton tuman filiali tomonidan ko‘chmas mulk obyektiga nisbatan 13.11.2019-yilda tayyorlangan kadastr yig‘ma jildi, Rishton tuman hokimining 09.12.2020-yildagi 1528-sonli qarori, doimiy harakatdagi komissiyaning 26.11.2020-yildagi dalolatnomasi va "Roshidon yog‘dusi" xususiy korxonasi rahbari nomidan yozilgan arizaga soxta yozuvlar kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi "Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida"gi Qonunining 5, 30 va 43-moddalari talablari buzilib, jamiyatga tegishli bino-inshoot hamda u egallagan yer maydoni begonalashtirilgan.

“Roshidon yog‘dusi” xususiy korxonasi o‘z arizasida bu joy ularga tegishli ekanligini, korxona rahbari MCHJga tegishli binoni 1510 m2 qismini sotib olganini, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganini ma’lum qilgan bo‘lsada, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, mazkur mulklarni sotishdan avval “Farg‘ona viloyat MTPlar birlashmasi” AJ aksionerlarining roziligi olinmagan va aksionerlar yig‘ilishida bu masala muhokama qilinmagan.

Soxtalashtirilgan dalolatnoma

Rishton tumani IIB huzuridagi TB tergovchisi katta leytenant K.Ne’matov 302242/2023-14-sonli jinoyat ishi bilan tanishib chiqib, noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi uni jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi sababli ayblilik masalasini hal qilmay turib, JKning tegishli moddasi bilan ishni tugatgan. Ammo ekspertiza xulosasi va tergovchining yakuniy qarori bilan hujjat soxtalashtirilib, jinoyat sodir qilinganligi o‘z tasdig‘ini topgan.

O‘tkazilgan sudga oid hujjatlarni texnik-kriminalistik ekspertizasining №39-sonli xulosasiga ko‘ra, 22.09.2016-yilda rasmiylashtirilgan “Topshirish-qabul qilish” dalolatnomasidagi dumaloq muxrlar akslari rangli purkagichli(struyniy) printer yordamida tomchi purkash usulida tayyorlanganligi va ikki dona muxrlar ushbu hujjatdagi yozuvlardan avval bajarilganligi aniqlangan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida “Roshidon yog‘dusi” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan kadastr hujjatlariga ilova qilingan 22.09.2016-yilda rasmiylashtirilgan “Topshirish-qabul qilish" dalolatnomasi soxtalashtirilganligi, ushbu hujjat texnika yordamida tayyorlanganligi aniqlangan.

Rishton tumani hokimining yuqoridagi qarorlari qabul qilinishiga asos bo‘lgan dalolatnoma soxtalashtirilgani yetmaganday, hokim qarorlaridagi yerning hajmi ham hech bir asossiz o‘zgarib qolgan, ya’ni 12 sotixdan 15 sotixga ko‘payib qolgan. Aslida 12 sotixga qilingan hujjat ham shubhali, chunki oldi-sotdi shartnoma 319,43 m2 ga tuzilgan. Soxtalashtirilgan dalolatnomada 12 sotix yer maydoni yozilgan.

Iqtisodiy sudning taftish instansiyasida da’vogar nima asosga ko‘ra 12 sotix yeri 15 sotix bo‘lib qolganligini bilmasligini aytsada, sud bu holatlarga e’tibor qaratmadi.

Bundan tashqari, tergovchi mulkni sotish huquqi bo‘lmay turib, tadbirkor (J.Mardonov)ga pul to‘latgan sobiq rahbarga nisbatan ham JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ish qo‘zg‘atgan, ammo javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi bois ishni tugatgan.

Farg‘ona viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi sudyalari apellyatsiya sudi qarori bilan kelishmasdan, Rishton tumanlararo iqtisodiy sudining qarorini ma’qullashni lozim topdi. Vaholanki, mazkur ishga bevosita aloqador masala ma’muriy sudda ko‘rilayotgan edi.

Sudyalar protsessual tartibga amal qilgan va to‘g‘ri qaror qilgan deyishingiz mumkin, lekin ishni vaqtincha to‘xtatib turish mumkin edi.

Ular ishni to‘liq ichiga kirib o‘rganmagani shundoqqina ko‘rinib turibdi, 12 sotixli yer maydoni qanday hujjatga ko‘ra 15 sotixga aylanib qoldi degan savolga javob topilmadi. Bu kabi ochiqchasiga qonunbuzilish holatlari bilan qabul qilingan hokim qarorlariga bizning “odil sudyalarimiz” qanday qilib ko‘z yumishi mumkin?!

Vodiy24.uz tahririyati

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar