So‘nggi yillarda yurtimizda sud-huquq sohasida, xususan sud hokimiyatining mustaqilligi, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy ta’minoti, aholining sudga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida salmoqli islohotlar amalga oshirildi. Bu esa, o‘z navbatida asosiy qonunimiz bo‘lgan Konstitutsiyada muayyan qoidalarni aks ettirish, yana boshqalarini o‘zgartirish ehtiyojini yuzaga keltirdi.
Mazkur hayotiy zaruratdan kelib chiqib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi.
Mazkur Konstitutsiyada avvalgi tahrirdagi konstitutsiyalardan farqli bir qator halqchil normalar aks ettirildiki, sud amaliyotining ayni vaqtdagi tahlili, mazkur normalar fuqarolarning huquq va erkinliklari sud tomonidan himoya qilinishida dasturul-amal bo‘lib xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
“Akmal” (ism o‘zgartirilgan) Rossiya federatsiyasiga ishlash maqsadida borgan edi, biroq to‘g‘ri yo‘ldan adashib, jinoyat ko‘chasiga kirib qoldi. Mazkur davlat qonunchiligiga ko‘ra, qilmishiga yarasha javobgarlikka tortilib, ozodlikdan maxrum qilish jazosini o‘tab chiqqandan so‘ng, O‘zbekistonga qaytib keldi.
Biror ish boshlash maqsadida o‘ylanib yurgan vaqtida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyundagi PQ 299-son Qarori bilan tasdiqlangan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga ko‘zi tushdi.
Nizomning 6-bandiga ko‘ra, ko‘mak oluvchilarga yordam pullari tuman (shahar) hokimlari rahbarligida tashkil etilgan, ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish masalasini ko‘rib chiquvchi idoralararo doimiy komissiyalarning qarorlari asosida beriladi. Uning 20-bandiga ko‘ra, idoralararo komissiyaning ko‘mak oluvchilar taqdim etgan loyihani moliyalashtirish yuzasidan kiritgan xulosasi “Idoralararo komissiya” raisi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng ishchi organ bir ish kuni mobaynida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritadi va xulosani tuman (shahar) hokimliklarining moliya bo‘limlariga yuboradi, deb belgilangan edi.
Uning murojaatiga asosan, Farg‘ona shahar idoralararo doimiy komissiyasining qarori bilan “Akmal”ning Rossiya Federatsiyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab bo‘lgani inobatga olinib, tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalarini amalga oshirish uchun yordam puli berilishi belgilandi.
Biroq, fuqaroning muammolari shundan so‘ng boshlandi. Chunki, ichki ishlar organi “Akmal” ozodlikdan mahrum etish jazosini chel elda o‘taganini vaj qilib, to‘plangan hujjatlarni moliya organiga yuborishni rad qildi.
Shundan so‘ng, “Akmal” o‘z huquqlarini tiklashni so‘rab Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qildi.
Natijada, sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyundagi PQ 299-son qarori bilan tasdiqlangan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda ozodlikdan mahrum etish jazosini chel elda o‘tagan fuqarolarga ushbu Nizom qoidalari qo‘llanilmasligi to‘g‘risida norma belgilanmagani, bunday holatda, ichki ishlar organlarining harakati fuqaroning huquqlarini buzgani to‘g‘risida xulosaga keldi.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga muvofiq, har qanday manfaatdor shaxs boshqa davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarning har qanday xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkinligi belgilangan.
Konstitutsiyaning 20-moddasiga ko‘ra, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi deb belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagi holatda sud, konstitutsion normaga asoslanib, qonunchilik hujjatini qo‘llashdagi noaniqlikni fuqaro foydasiga hal qilib, fuqaroning buzilgan huquqini tikladi.
Xulosa o‘rinida ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyaviy islohotlar bugungi kunda fuqarolar huquqlarini himoya qilish sohasida yangi davrning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Konstitutsiyaning sud hokimiyati yo‘nalishida o‘zgartirilgan normalari sohani jahon andozalari darajasiga olib chiqishga, sudni fuqarolar va yuridik shaxslarning chinakam himoyachisi sifatida faoliyat yuritishiga sharoit yaratdi.
Tojiddin Vaxobov
JIB Farg‘ona shahar sudining raisi
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari