Farg‘ona viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan viloyatda olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari yuzasidan navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Xususan, Quva tumani “Ittifoq” MFYdagi 15-sonli maktabni rekonstruksiya qilish obyektida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari o‘rganilganda, quyidagi talablar buzilganligi aniqlandi.
Obyekt buyurtmachisi “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” Davlat muassasasi Farg‘ona viloyat hududiy bo‘limi bo‘lib, pudratchi “Iftixor ta’mir servis” MCHJ tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmaganligi aniqlandi.
Binoning “A” o‘qi bo‘ylab “1с-2s” o‘qlari oralig‘ida bajarilgan pol ishlari loyiha bo‘yicha bajarilmagan. Ya’ni ishchi loyiha hujjatining 14-varag‘ida pol tasnifida ko‘rsatilgan ketma-ketlik buzilgan.
Ishchi loyiha hujjatida bino fasad qismiga bazal’t qoplamasidan oldin suvoq ishlari bajarilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, joyida suvoq ishlari bajarilmasdan devorga bazal’t qoplamasi qoplab yuborilgan.
Shunga o‘xshash yana bir holat, Quvasoy shahridagi “Muhamadsiddiq Qurilish Invest” XK tomonidan Quvasoy shahar 17-sonli umumta’lim maktabiga amaliy fanlar uchun qo‘shimcha maxsus bino qurish va mavjud ministadionni qayta rekonstruksiya qilish (ustini o‘rash) obyektida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari o‘rganilganda aniqlandi.
Bu yerda ham obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmagan.
Maktabda amaliy fanlar uchun qurilayotgan o‘quv binosining tom qismi QMQ 2.03.10-19 “Tom va tom qoplamalar me’yoriy xujjatining 3.88-bandi talablariga zid ravishda hamda loyihadan chetga chiqqan xolda bajarilgan. Ya’ni, loyiha xujjatining AC-24 varag‘ida tom konstruksiyalarini materiallar tasnifida quyidagicha o‘lchamlarda bo‘lishi ko‘rsatilgan: “Stropila” 150x50mm, “obreshetka reyka” 50x50mm, “progon” 150x100mm, amalda esa “Stropila” 135x30mm, “obreshotka reyka” 40x30mm, “progon” 150x50mm yog‘ochlardan foydalanilgan.
Bundan tashqari varaqali po‘lat, profillangan varaq va metal cheripitsali qoplama tagiga asos sifatida 25 mm dan kam bo‘lmagan qalinlikdagi siyrak qo‘yilgan taxta to‘shama yoki oralig‘i 250 mm dan ortiq bo‘lmagan 50x50 mm li “brus”lardan iborat “obreshetka” ko‘zda tutilishi lozim bo‘lsada, “obreshetka reyka”lar oralig‘i 350 mm qilib bajarilgan.
Viloyatdagi yana bir qurilish, ya’ni Uchko‘prik tumanida “Qo‘qonagroqurilish” MCHJ tomonidan “Bog‘ibo‘ston” MFY Mullazoir mavzesida ko‘p qavatli turar joy binosini qurish obyektida ham navbatdagi nazorat tadbiri o‘tkazildi.
Obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosining “V-G” va “7-8” o‘qlar oralig‘ida yerto‘la (podval) poydevorini bog‘lovchi belbog‘ ishlari loyihaga zid ravishda bajarilib tik (vertikal) holatda to‘xtatib qo‘yilgan.
Viloyatning Qo‘shtepa tumani “Mirzo Saodat” MCHJ tomonidan “Qiyqi” MFYda joylashgan Tez tibiy yordam markaziga qo‘shimcha yangi bino qurish obyektida ishchi loyiha hujjatida binoning fasad qismiga PPJ bazalt qoplamasidan oldin 10 mm qalinlikda tekislovchi suvoq qilish ko‘rsatilgan bo‘lsada, amalda devor yuzalarini suvoq qilmasdan, loyihaga zid ravishda PPJ qoplamasini qoplab yuborilgan.
Inspeksiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2023 yil 10 apreldagi PQ 117-son qarori asosida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rganish yuzasidan ham nazorat ishlari o‘tkazildi.
Xususan, Farg‘ona viloyati hokimligi “Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachiligida pudratchi “Bek oltin montaj” XK tomonidan O‘zbekiston tumani “Qirqketmon” MFY Olmazor ko‘chasida 16-sonli maktabni rekonsturuksiya qilish obyektida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari o‘rganildi.
Obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmagan.
Natijada quyidagi qoidabuzarliklar aniqlandi:
Binoning birinchi qavat “1-4” va “A-V” o‘qlar oralig‘ida o‘zak (serdechnik) armokarkas xomutlari loyihaga zid ravishda bajarilgan. Loyihada xomut qadamlari har 200 mm da bajarilishi ko‘rsatilgan bo‘lsada, amalda 300-400 mm larda armokarkas o‘rnatilib, qoliblash va beton quyish ishlari bajarilgan. Bundan tashqari obyekt qurilish chiqindilaridan kunma-kun tozalab borilmagan.
Aniqlangan barcha qoidabuzarliklar yuzasidan qurilishning mas’ul shaxslariga ko‘rsatmalar berildi hamda sifatsiz va loyihadan chetlangan holda bajarilgan qurilish ishlari joyida inspeksiya xodimlari tomonidan buzdirildi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari