• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Fan va ta'lim Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari Sankt-Peterburgda bo‘ladigan xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etadi
Fan va ta'lim

Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari Sankt-Peterburgda bo‘ladigan xalqaro fan olimpiadasida ishtirok etadi

  • 14.01.2020 / 03:44
  • 2319
  • 0
111

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha harbiy akademik litseylarga “Temurbeklar maktabi” nomi berildi.

Hozirda Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida 1 va 2-kurs guruhlari kesimida 249 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan 500 dan ortiq pedagoglardan tanlab olingan yuqori malakali 27 nafar umumta’lim fan o‘qituvchilari bilim va ko‘nikmalar berishayotir.

Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyida alohida o‘quv binosi, ochiq va yopiq sport majmuasi, ochiq suv havzasi, zamonaviy oshxona, o‘quvchilar uchun barcha qulayliklarga ega yotoqxona, boy kutubxona fondiga ega axborot resurs markazi, zamonaviy internet tizimi, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik va to‘garak mashg‘ulotlari uchun zamon talablariga javob beruvchi majmualar mavjud.

         – Bu yerni kichik armiya deyish mumkin, – deydi harbiy akademik litseyi direktori Ziyodullo Kamolov. – Kun tartibi haqiqiy armiya sharoitida olib borilishida o‘ziga xos ma’no bor. O‘quvchilarga Vataning senga shuncha sharoitlarni yaratib berdi, deb uqtiramiz. Shunga munosib bo‘l, uni sev, himoya qil, degan tushuncha asosida tarbiyalaymiz. Harbiy bo‘laman, degan bolalarning har biri, avvalo, o‘zida ana shu tuyg‘ularni tarbiyalashi kerak.

O‘quvchilarimiz 2019 yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar Ittifoqi tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki Ishlar vazirligi, Milliy gvardiya davlat idorasi hamkorligida Toshkent shahar Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan respublika “Temurbeklar musobaqasi”da ishtirok etib, 18 ta harbiy bilim yurtlari ichida faxrli 1-o‘rinni egalladilar. Ayni shu vaqtda Rossiya yadro-fizika universitetining fizika-matematika fanlaridan xalqaro bellashuvning respublika saralash bosqichida ishtirok etib, mazkur universitetning xalqaro fizika-matematika fan olimpiadasida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar. 2020 yil 8-9 yanvar kunlari Chirchiq oliy harbiy bilim yurtida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Samarqand, Urganch va Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” o‘rtasida o‘tkazilgan fizika-matematika fanlaridan Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro fan olimpiadasiga saralash bosqichida o‘quvchilarimiz jamoa shaklda faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, keyingi xalqaro bosqichga yo‘llanma oldilar. Bu kabi yutuqlar shogirdlarimizning Amir Temur kabi mard o‘g‘lon va adolatli shaxs bo‘lib kamol topishlarida, o‘z xalqini sevadigan va uni asraydigan farzand bo‘lib ulg‘ayishlarida asos bo‘ladi.

         Harbiy akademik litseyda o‘quvchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng deyarli barcha fanlardan to‘garaklar, aniq fanlardan, chet tili va axborot texnologiyalaridan chuqurlashtirilgan qo‘shimcha darslar olib boriladi. Boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha “O‘q otish”, “Harbiy topografiya”, “Saf mashqi” kabi to‘garaklar faoliyat yuritadi. Harbiy akademik litseyida “SHarq dastasi” musiqiy to‘garagi ham mavjud bo‘lib, unda o‘quvchilar badiiy rahbar boshchiligida jangovar va mardlikni targ‘ib qiluvchi, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni o‘rganishadi.

         Vatanparvarlik oyligi doirasida o‘quvchilar harbiy xizmatchi va ustoz murabbiylar boshchiligida mahalliy hududdagi deyarli barcha akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, umumta’lim maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda vatanparvarlik ruhidagi harbiylashgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishda keng qamrovli hamkorlik faoliyatini olib bormoqda.

         – Tengdoshlarimda bo‘sh fursatning o‘zi yo‘q, – deydi xalqaro fizika-matematika fan olimpiadasi ishtirokchisi Jaloliddin Yaxshiboyev. – Kelajakda Ichki ishlar akademiyasida o‘qishni davom ettirish niyatim bor. Bunda, albatta, litseydagi ustozlarimning saboqlari menga hayotiy yo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Bugun har bir yigitning orzusi – el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilish. Men ham yurtimizning ana shunday baxtiyor farzandlari safida ekanimdan faxrlanaman. Ajdodlarimiz xoki yotgan muqaddas zaminimizni tashqi tahdid va xatarlardan qo‘riqlash, bunyodkor xalqimiz osoyishtaligini himoya qilish dunyodagi eng sharafli ish ekanini shu maskanda o‘qib yanada teran anglayapman.

 

Elyorjon EHSONOV

 

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar