• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Madaniyat “Avval o‘qi”, “Farzandi solih” kabi asarlari bilan "kuch-ilmda" deya ilmni targ‘ib qilgan shoir!
Madaniyat
Fan va ta'lim

“Avval o‘qi”, “Farzandi solih” kabi asarlari bilan "kuch-ilmda" deya ilmni targ‘ib qilgan shoir!

  • 28.02.2024 / 22:15
  • 1540
  • 0
111

Ilm olishdek olis safarga chiqqan inson, doim nimanidir o‘rganish yoki qandaydir yangi narsani xalq uchun kashf etishga, xalqqa foydasi tegadigan ishlarni qilishga harakat qiladi. Ilm yo‘lida bo‘lgan inson o‘ziga foydasiz ishlar bilan shug‘ullanmay, ko‘p vaqtini izlanish bilan band etadi. Chunki ilm olish yo‘li shunday yo‘lki, u yo‘lga kirgan odam hech ham chiqib ketishni xohlamaydi.

Shunday ilmlarni o‘zlashtirishda o‘zining hayotini baxshida etgan  akademik shoirlardan biri bu G‘afur G‘ulom bo‘ladi. Bu inson garchand ikkita jahon urushiga guvoh bo‘lgan bo‘lsa ham qanchalik qiyinchiliklar bo‘lmasin, baribir shu yo‘lda sobitqadam turib, hozirgi zamon adabiyoti va san’atiga ulkan hissa qo‘shdi. Shoirning “Shum bola”, “Yodgor”, “Tirilgan murda”, “Farzandi solih” asarlari va shuningdek, “Avval o‘qi” she’ri orqali bunga yaqqol guvoh bo‘lamiz.

Birgina “Tirilgan murda” hikoyasi orqali o‘sha davrdagi insonlarning ilmsizligiyu tub qatlam aholining huquqiy ongi borasidagi fikrlarini, bundan tashqari, bosh qahramon Mamatjonning yalqovlikdan qanday qilib ilmli va komil insonga aylanganligi va o‘z savodini qay yo‘l bilan chiqarganini G‘afur G‘ulom o‘z tilidan bayon qilib bergani juda ham hayratlanarli. Hikoyada Sattorqul akaning tilidan shunday deyiladi: mehnatning noni shirin bo‘ladi ukam, ishla, qishda ham bekor yotma, zeriksang kursga chiqib savodingni chiqar, - dedi va uni kolxoz choyxonasida ochilgan kursga kirgizib qo‘ydi.

Bilasizki, ushbu hikoya bevosita muallifning tilidan bayon etilgan va kursga chiqib savodingni chiqar degani bejiz emas edi, bir timsol orqali xuddiki, G‘afur G‘ulom o‘sha davrdagi xalqimizning savodsizligini ko‘rsatib bergan edi. Bu ilmga bo‘lgan chaqiriq edi, shuningdek, ushbu asarda eng muhim bir ibora ham ko‘zga tashlanmay iloji yo‘q edi: “Kuch- ilmda” ha, bejiz emas bu jumlani eshitgan har bir kitobxonning ichida ajib his paydo bo‘ladi.

Haqiqatan ham kuch ilmda ekanligi, XX asrda ham va undan oldingi davrda ham balki, bugungi zamonaviy dunyoda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, puxta ilmni egallamay turib hattoki, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘la olmasligini barchamiz yaxshi tushunamiz. O‘z oilasini ham odamlar eplay olmasligini nafaqat hozir ham ko‘rishimiz mumkin va ushbu hikoyada ham asar bosh qahramoni turmush qurgandan keyin uning juft-u haloli unga shart qo‘ygan edi. Bu shart shundan iborat ediki, u tugallanmay qolgan kursni tugatish edi. G‘afur G‘ulom bu qissa orqali nafaqat ayollar bilimli, zukko bo‘lishini ko‘rsatib bermoqda, balki erkaklarni ham faqat uy-ro‘zg‘or bilan yoki savdogarlik qilish bilan shug‘ullanishlari emas, balki ular ham ilm egallashlari va bu orqali jamiyatning dastlabki, eng muhim qismi bo‘lgan oilani kuchli ilmga ega bo‘lishga chorlamoqda.

Bundan tashqari G‘afur G‘ulomning “Farzandi solih” qissasidagi qahramon juda ham darslarni va hattoki harflarni o‘rganishga juda ham qiynaladi. Ostonaquldagi zexn “burroligi” yetti yilda ham Xaftiyakning “sassi”sidan nari o‘tishga yo‘l qo‘ymaydi va bu holatdan so‘ng xafa bo‘lgan otasi uni bir kasbga o‘rgatmoqchi bo‘ladi va unga savdogarlik qilishni buyuradi. Unga to‘rt dona chachvon olib kelib shularni bozorga olib chiqib sotib kelishni aytadi, vaholanki, u narsalarni sotib kelmadi, balki uni bir arzimas matoga almashtirib keladi. Bundan darg‘azab ota chuqur o‘yga berilib qoladi va shuni tushunib yetadiki, yoshlikdan farzand kerakli ilmni egallamas ekan, unga o‘rgatilmas ekan, kelajakda qiladigan ishida ham baraka bo‘lmaydi, oqni qoradan farqlay olmaydi.

G‘afur G‘ulom bu qissa orqali yoshlar o‘z davri uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni egallamasa, ulg‘aygan vaqtda ham hech bir ishga qo‘li bormay, dangasalikka va hozirgi zamon bilan taqqoslab aytganda, turli xil yomon yo‘llarga kirib ketishlari mumkinligini nazarda tutgan. Bu qissa orqali biz faqat uning yomon tomonlarini tahlil qilmoqchi emasmiz, shunchaki adiblarimizning asarlari biz uchun o‘rnak vazifasini o‘tab berishi turgan gap, faqat uni tanqidiy tahlil qila olsak, tubanlikka tushib qolmaymiz.

Bejizga G‘afur G‘ulom o‘zining studentlarga bag‘ishlagan “Sizga” she’rida:

Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz,

Ne uchun yelkamni tutib bermayin.

Ilm-u balog‘atning shotutlaridan

Yuksala bering sekundlar sayin...

Ushbu she’rdan keltirilgan bir parchani o‘zi ham  G‘afur G‘ulomning o‘ktam, baland ruh va chinakam sadoqat sohibi ekanligidan dalolat beradi. G‘afur G‘ulom ijod qilgan davrning o‘zidayoq bir necha shogirdlari dunyo yuzini ko‘rdi. Bular: Sobir Abdulla, Mirmuhsin va hattoki Zulfiyadek iste’dod sohiblariga yo‘l ko‘rsatdi, ustozlik qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu parcha she’r orqali biz yosh kitobxonlarga ham doim ilm yo‘lida bo‘lishimiz, bu olis va uzoq yo‘ldan hech qachon tolmay, harakatda bo‘lishimizdan darak beradi.

Shoirning yana bir she’ri borki, buni har bir ilm yo‘lida yurgan talabalar, o‘quvchilar necha yuz marta o‘qisalar ham yana qayta-qayta o‘qiydilar. Gohida dangasa bo‘lib qolgan vaqtlarida ushbu she’rni bir mutoolaa qilsalar yana o‘qishga, yangi ilmlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan ishtiyoqlari ortib boradi, “Avval o‘qi” she’ri:

Kecha uchinchini a’lo tugatding,

Qo‘lingda yetuklik guvohnomasi.

Ipak galstukka endi ijozat,

Yigitga munosib yigit jamoasi.

Ovozing urillar, demak, bu uyda

Ikta erkakning sharpasi hokim...

Onang bo‘yningga tasadduq bo‘lib,

Otang maqtanadi: tayanchim, ko‘rkim.

Sezaman, oqshomlari meni o‘xlatib,

O‘tyasov jazini tinglaysan sekin.

Jovondan Mopassan tomi yo‘qolsa,

Bilib-bilmaslikka solishim mumkin.

G‘afur G‘ulomning ushbu uch misra she’ri orqali yoshlarga nafaqat o‘qish hissiyoti paydo bo‘ladi, balki vatan oldidagi, ota-onasi oldidagi burchini ado etish har bir yoshlarning yelkasidagi zimmasi va vazifasini eslatib turadi.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, G‘afur G‘ulom har bir kunini ilmga sarf qildi, adabiyot va san’atning turli sohalarida ham ijod qildi. Buning natijasi o‘laroq, shoir ko‘plab yuqorida keltirgan asar va she’rlarimiz orqali g‘aflatda yotgan xalqimizni uyg‘otmoqch bo‘ldi. Albatta, bu ishlar qachondir o‘z mevasini berishi kerak edi va shunday ham bo‘ldi.

Mustaqillikka erishgandan so‘ng, G‘afur G‘ulom ijodiga o‘zgacha ko‘z bilan qaraldi. 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Sekin-astalik bilan yoshlarimiz u insonning qoldirgan ilmlarini o‘rgana boshladilar va hozirga kelib, barcha asarlari va ijod namunalari istalgan ta’lim muassasida mavjuddir. Asarlarini o‘qigan har bir kitobxon yana qayta mutoolaa qilishga intiladi, chunki har bir qissada ham hikoyada ham o‘sha davrdagi insonlarning fe’l-atvori va ijtimoiy tuzumning yoritilishiga guvoh bo‘ladi.

Sardor Bahriddinov
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar