Qoʻqon shahar hokimining sobiq birinchi oʻrinbosari A.N ga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda “Xabar.uz” nashri maʼlum qildi.
Nashrga koʻra, sobiq amaldor Jinoyat kodeksining 168-modda 3- qismi “a, v” bandlari (firibgarlik) va 28,211-moddasi 2-qismi “b” bandida (pora berishga qasd qilish) koʻrsatilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, besh yil-u olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sobiq hokim oʻrinbosarining jinoiy sherigi ham qayd etilgan moddalar bilan aybdor deb topilgan va unga besh yil-u uch oy ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Taʼkidlanishicha, sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan. Sudlanuvchilarning shikoyati asosida ularga oid jinoyat ishi ayni paytda Fargʻona viloyat sudida apellatsiya tartibida koʻrilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yilning avgust oyi oʻrtalarida Qoʻqon shahar hokimining birinchi oʻrinbosari A. N. jinoyat ustida qoʻlga olingandi. U Qoʻqon mintaqaviy temir yoʻl uzeli moliya boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari O.M. bilan jinoiy til biriktirib, bir tadbirkorga mazkur temir yoʻl uzeli balansida boʻlgan 2,5 gektar yer maydonidagi bino va inshootlar boʻyicha oʻtkaziladigan auksion savdolarda uning foydasiga qaror chiqartirib berish evaziga 180 000 AQSH dollari talab qilgan. Va xamir uchidan patir tariqasida talab qilgan puldan 10 ming dollarini olayotgan paytda tegishli organlarning tezkor xodimlari tomonidan qoʻlga olingan edi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari