Yurtimizda sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada 2021-yil 4-oktyabr kuni qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish haqida”gi Qonuni mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo'ldi.
Ushbu Qonunga muvofiq Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga yarashilganligi munosabati bilan ma'muriy javobgarlikdan ozod qilish instituti joriy etilib, endilikda quyidagi 12 turdagi ma'muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs, agar u o'z aybiga iqror bo'lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, ma'muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi belgilandi:
- tuhmat (40-modda), haqorat qilish (41-modda), fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish (45-modda), fuqaroga ma'naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarni oshkor etish (46-modda), shaxsiy hayot daxlsizligini buzish (461-modda), yengil tan jarohati yetkazish (52-modda), mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish (612-moddasi), ekinzorlarni payhon qilish, qishloq xo'jalik ekinlarining dalada to'plab qo'yilgan hosiliga zarar yetkazish yoki uni yo'q qilib yuborish, ko'chatlarga shikast yetkazish (104-modda), transport vositalari haydovchilarining yo'l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi (133-modda), haydovchilarning yo'l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi (134-modda), mayda bezorilik (183-modda) hamda o'zboshimchalik (200-modda).
Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks “YARASHUV TO'G'RISIDAGI ISHLAR BO'YICHA ISH YURITISH” deb nomlangan yangi XXIII1 bob bilan to'ldirilib, mazkur bobda yarashuv to'g'risidagi ishlar bo'yicha ish yuritish tartibi belgilandi.
Mazkur bobda belgilangan taribga ko'ra, jabrlanuvchi yoxud uning qonuniy vakili yarashuv to'g'risidagi arizani ish vakolatli organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ko'rib chiqilishi vaqtida, shuningdek sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud qaror chiqarguniga qadar berishi mumkin. Arizada yetkazilgan zarar bartaraf etilgani, shuningdek yarashilganligi munosabati bilan ma'muriy huquqbuzarlik haqidagi ish yuritilishini tugatish to'g'risidagi iltimos ko'rsatilgan bo'lishi kerak.
Vakolatli organ (mansabdor shaxs) jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining yarashuv to'g'risidagi arizasini olgach, uch kundan ortiq bo'lmagan muddatda huquqbuzarning roziligiga ko'ra ishni taraflarning yarashuvi munosabati bilan sudga yuborish haqida qaror chiqaradi hamda ishni tegishliligi bo'yicha sudga yuboradi. Albatta mazkur jarayonda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 294-moddasida qayd etilgan huquqbuzarning ish materiallari bilan tanishib chiqish, izohlar berish, dalillar keltirish, o'z iltimosini bayon etish, ishni ko'rib chiqish vaqtida advokatning yuridik yordamidan foydalanish, o'z ona tilida so'zlash va tarjimonning xizmatlaridan foydalanish, ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat berish kabi huquqlariga rioya etilishini ta'minlashi shart.
Yarashuv to'g'risidagi ishlar bo'yicha sud muhokamasi ish sudga kelgan paytdan e'tiboran uch kundan kechiktirmay o'tkazilishi kerak. Sud majlisida huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari va (agar ishda qatnashayotgan bo'lsa) advokat ishtirok etadi. Sud yarashuvning ixtiyoriyligi va uning sabablarini;
huquqbuzar o'z aybiga ixtiyoriy ravishda iqror bo'lganligini, yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini ko'rgan-ko'rmaganligini;
jabrlanuvchiga yoki huquqbuzarga biron-bir tazyiq bo'lgan-bo'lmaganligini;
huquqbuzarning, jabrlanuvchining va ularning qonuniy vakillarining yarashuvga roziliklarini aniqlaydi.
Agar sud majlisi davomida yarashuv, aybga iqror bo'lish ixtiyoriy emasligi, zararning o'rnini qoplashni rad etish hollari aniqlangudek bo'lsa, sud taraflarning yarashuvi munosabati bilan ishni sudga yuborish to'g'risidagi qarorni bekor qiladi va ishni umumiy asoslarda ko'rib chiqadi.
Sud muhokamasining natijalari bo'yicha sud qonunda belgilangan tartibda qaror chiqaradi. Sud majlisi vaqtida bayonnoma yuritiladi. Sudning qarori ustidan huquqbuzar, jabrlanuvchi, ularning qonuniy vakillari, advokat shikoyat berishi hamda prokuror protest keltirishi mumkin bo'ladi.
Xulosa qilib aytganda, qonunchilikka kiritilgan bunday o'zgartish, eng avvalo, inson huquq va erkinliklarini kafolatlashni ko'zlaydi. Qolaversa, mazkur institut jamiyatimizda huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolarning qonun oldidagi burch va mas'uliyatlarini oshirishiga xizmat qilishi bilan birga ular o'rtasida o'zaro mehr-oqibat, kechirimlilik tuyg'ularining amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
L.Xazratkulov,
O'zbekiston Respublikasi Harbiy
sudining sudya katta yordamchisi
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari