• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Neftchi” jamoasi o‘yinini qattiq tanqid qildi
Siyosat
Sport

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Neftchi” jamoasi o‘yinini qattiq tanqid qildi

  • 21.06.2022 / 11:43
  • 2803
  • 0
111

Viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi rahbari Xayrullo Bozorov “Neftchi” jamoasi rahbariyati, murabbiylari va futbolchilari bilan uchrashdi. Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan muloqotda “Neftchi”ning Superliga o‘yinlarida yaxshi natijalar qayd eta olmayotgani, o‘yin tempi borgan sari tushib ketayotganligi, 20 iyunga qadar o‘tkazilgan Superliga 11-turdan so‘ng 2 ta g‘alaba, 3 ta durang va 6 ta mag‘lubiyat bilan 9 ochko jamg‘arib 12-o‘rinda borayotganligi qayd etildi.

Аksariyat futbolchilarning jismoniy holati talab darajasida emasligi, asosan himoyaviy o‘yin taktikasi tanlangani bois hujumkorlik yo‘qligi, standart vaziyatlardan unumli foydalanishga eʼtibor qaratilmaganligi, o‘yinchilar o‘rtasida g‘alabaga bo‘lgan ishonch, jamoaviy xarakter mavjud emasligi tanqid ostiga olindi.

Bundan tashqari, jamoada tartib-intizom yaxshi emasligi, rahbariyat va futbolchilar o‘rtasida bir biriga ishonchsizlik ortib borayotgani, bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov mazkur holatlarning oldini olish uchun yetarlicha ish olib bormayotgani bo‘yicha tanbeh berildi.

“Neftchi” futbol jamoasiga Superligaga qaytishi bilan bir qator sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsada, hozirda klubda professional darajada ish tashkil qilinmagan.

Muxlislar va OАV bilan ishlash, marketing masalalari, futbolchilar va muxlislar o‘rtasida qo‘shma tadbirlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, matbuot xizmati talab darajasida emasligi, klubning ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarida yetarli faollik yo‘qligiga ham tanqidiy eʼtibor qaratildi. Joriy yil jamoa tashkil etilganiga 60 yil to‘lishi, biroq bu haqda na OАV orqali eʼlon berilmagan, na bu katta tadbirga tayyorgarlik ishlari boshlanmagan.

Klub raisi Zohid G‘ofurovning tajribasizligi, rahbarlik salohiyatining yetarli emasligi ham yuqorida taʼkidlangan muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilmaganiga olib kelgan.

Selektsiya ishlariga eʼtiborsizlik natijasida ayni vaqtda “Neftchi” jamoasining 19 yoshli o‘smirlar jamoasi 14-o‘rinda, 21 yoshli o‘smirlar jamoasi esa 11-o‘rinda borishmoqda. Аyollar jamoasi esa 10 ta jamoa ichida 9-o‘rinda bormoqda.

Viloyat rahbari ushbu masalalarga birma-bir to‘xtalar ekan, bundan buyon klubga o‘zgacha ruhiyat olib kirish kerakligi, tartib-intizom, hurmat, ahillik bilan ish tashkil qilish kerakligini taʼkidladi.

Shahar hokimi Vosiljon Nazarov klub prezidenti etib tayinlandi. Viloyat hokimi tomonidan unga klub faoliyatini nazoratga olish, marketing, menedjment ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, fan-klub bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, klub matbuot xizmati faoliyatini rivojlantirish shuningdek, klub logotipiga chinor bargi ramzini qaytarish kabi topshiriqlar berildi.

Klub murabbiylariga chiroyli o‘yin namoyish etish va g‘alabalar bilan muxlislarni quvontirish uchun eng avvalo asosiy tarkib o‘zagini shakllantirib olish lozimligi uqtirildi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar