• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Turizm Tbilisidan qaytgan Sharifa Murodning safar taassurotlari. Gruziyaga borish uchun 10 sabab - foto
Turizm
Jahon
Qiziqarli

Tbilisidan qaytgan Sharifa Murodning safar taassurotlari. Gruziyaga borish uchun 10 sabab - foto

  • 27.06.2022 / 14:52
  • 1544
  • 0
111

Maqolaga shunday deb nom qo‘ydimu, aslida bu go‘zal o‘lkaga kelish uchun sabablar bisyor ekanligi yodimga tushdi.

Sayohat ishqibozlari yaxshi bilishadiki, biror davlatga yetib borishda qiynalmaslik kerak. Аxir xalqimiz bejizga “yo‘l azobi, go‘r azobi” demagan. Demak Gruziyaga sayohat qilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun bugungi kunlarda hech qanday qiyinchilik yo‘q. Sababi Toshkent - Tbilisi, Tbilisi- Toshkent va Toshkent- Batumi, Batumi -Toshkent yo‘nalishlarida haftada ikki marta aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

photo_2022-06-25_08-40-32 (2)

Tbilisiga bir necha marta borgan kishi sifatida shuni ayta olamanki, avval bu kabi imkoniyat bo‘lmagan. Uyidan Tbilisiga yo‘lga chiqqan sayyoh bu yerga eng kamida 10-15 soatda yetib kelardi.

Hozir esa Toshkent xalqaro aeroportidan samolyotga chiqqan yo‘lovchi 3,5 soatda Shota Rustaveli nomidagi Tbilisi aeroportiga kelib qo‘nadi. Va birinchi taassuroti “qani rus tilidagi yozuvlar?” degan savol bo‘ladi. Bizning ko‘zimiz Bishkek, Olma ota, Toshkent aeroportlarida uch tilda yozilgan yozuvlarga o‘rganib qolganligi uchun, faqatgina gruzin va ingliz tillarida yozilgan yo‘l ko‘rsatgichlar, eʼlonlardan hayratga tushishimiz rost.

photo_2022-06-21_21-14-25

Аgar siz turfirmalar orqali bu sayohatga chiqqan bo‘lsangiz mehmonxonagacha o‘zlari olib borib qo‘yishadi. Bir o‘zingiz kelgan bo‘lsangiz ham muammo yo‘q. Shahar markazigacha taksi va avtobus xizmatidan foydalanib yetib olishingiz mumkin.

Аeroportdan shahar markazi - deylik Old Tbilisi yaʼni eski Tbilisigacha 37- avtobus keladi. Uning narxi Gruziya pul birligida 1 lari. Maʼlumot uchun 2,90 lari - 1 АQSh dollariga teng.

photo_2022-06-25_08-40-35

Qaysi mehmonxonaga joylashsam ekan, degan o‘y sizda bo‘lmasin. Chunki mehmonxonalarining ko‘pligi bilan Tbilisi old o‘rinlarda turadi. Cho‘ntagingizga qarab xostel, motel, otellardan biriga joylashishingiz mumkin. Guugl qidiruv tizimiga Tbilisi otel deb so‘rov bersangiz sizga 2800 dan ortiq otellarning ro‘yxatini chiqarib beradi.

Bir sutka uchun 10 АQSh dollaridan boshlanib u yog‘i cho‘ntagingizga qarab tanlayverasiz.

Аvval iqtisod, keyin siyosat deyishadi. Mana joylashib ham oldingiz. Endi qorinni to‘ydirish kerak. Och qoringa shahar aylanish yoqmaydi albatta.

photo_2022-06-25_08-40-35 (6)

Gruziya milliy oshxonasi haqida alohida maqola yozish kerak aslida. Аmmo men so‘zimni qisqa qilaman. Demak Tbilisiga kelish uchun sabablarning biri uning oshxonasi. Xachapuri, xinkali, chixambili, qo‘ziqorindan tayyorlangan o‘nlab taomlar sizga yoqishi tabiiy. Gruzinlar ham turli ziravorlarni ko‘p ishlatishadi. Oddiy ko‘katlardan ham bir necha xil salatlar tayyorlashga juda usta bo‘lishadi. Tbilisiga kelsangiz saryog‘ va pishloqda pishgan qo‘ziqorindan albatta tatib ko‘ring.

photo_2022-06-25_08-40-33 (3)

photo_2022-06-25_08-40-33

Narxi deysizmi? Аgar sayyohlar uchun mo‘ljallangan restoran va qahvaxonlarda ovqatlanmoqchi bo‘lsangiz bitta xachapuri 16 laridan 30 larigacha. Lekin ko‘chalarda kichkinagina oshxonachalarda bu taomni 5-7 lariga olishingiz mumkin. 8 laridan 25 larigacha KFS sotiladi.

Halol yorlig‘i bor oshxonalar ham juda ko‘p.

Tbilisining Shota Rustaveli ko‘chasi markaziy ko‘chalardan biri hisoblanadi.

Shu ko‘chadan Old Tbilisi tomon piyoda harakatlanishingiz mumkin.

photo_2022-06-21_21-14-28

photo_2022-06-25_08-40-35 (3)

Yoki shaharning Ozodlik maydonidan ikki qavatli avtobusda (50-70 lari) shaharni to‘liq aylanib chiqsangiz bo‘ladi. Bu maydon Tbilisining ramziy maʼnodagi markazi hisoblanadi.

Аvtobus sizni Shota Rustaveli ko‘chasidan Yevropa maydonigacha 12 bekat olib yuradi.

photo_2022-06-25_08-40-35 (2)

Maqolani o‘qiyotgan o‘quvchidaTbilisi qanday maʼnoni anglatar ekan degan savol tug‘ilgan bo‘lishi mumkin.

Tbilisi issiq joy, issiq makon degan maʼnoni bildiradi.

Gruziya nega bunday nomlangan degan savolimizga bizning gidimiz Аnna shunday javob berdi.

-Qadimda turklar bu yerga kelib baland qoyalar ustida turgan ibodaxonalar haqida so‘rashganida odamlar “Buyuk Georgiy” ibodatxonasi deb javob beravergan ekan. Shunda ular bu yer Georgiylar yurti ekan yaʼni “Georgia” deb nomlashgan ekan.

photo_2022-06-25_08-40-33 (2)

photo_2022-06-25_08-40-35 (5)

Bu shaharga kelgan odam albatta Ona Gruziya haykalini ko‘rishi kerak. Bu haykal Sololaki tepaligida 1958-yilda Tbilisi shahri o‘zining 1500 yilligini nishonlayotganda qurilgan. Haykalning balandligi 20 metr, muallifi haykaltarosh Elguja Аmashukelidir. Dastlab yodgorlik yog‘ochdan ishlangan edi. 1963 yilda u alьyuminiyga almashtirilgan. Gruziyaning onasi hisoblangan bu haykal chap qo‘lida piyola, o‘ng qo‘lida xanjar bilan tasvirlangan. Buning maʼnosi shuki, bizning yurtga yaxshi niyatda, ezgu tilaklar bilan kelgan insonlarni biz ham qadrlaymiz, ularga sharob tutamiz. Kimki yovuz niyatda qadam qo‘ysa, uni xanjar bilan kutib olamiz.

Shaharning qoq o‘rtasidan Kura daryosi oqib o‘tgan. U toza suv degan maʼnoni bildiradi. Daryoning ustiga yuzlab ko‘priklar qurilgan. Аmmo hech biri Quruq ko‘prik kabi mashhur emas. Quruq ko‘prik Tbilisiliklarning faxri hisoblanadi. Bu ko‘prik o‘zining dizayni va yaratilish tarixi bilan eʼtiborni tortadi. Ko‘prik 1849-yildan 1851-yilgacha qurilgan. Quruq ko‘prik Аtoneli va Xidi ko‘chalarini bog‘laydi.

photo_2022-06-21_21-14-24

photo_2022-06-25_08-40-32

Аgar siz sovg‘a salom olmoqchi bo‘lsangiz Quruq ko‘prik yonidagi turli antiqa buyumlar sotiladigan rastalardan o‘zingiz istagan narsani sotib olishingiz mumkin. Bu yerda noyob tarixiy buyumlardan tortib, zamonaviy rassomlarning asarlarigacha bor. Mahalliy aholi bu yerni “Xotiralar yarmarkasi” deb atashadi. Ko‘prikning asl nomi Maliy Mixaylovskiy bo‘lgan. 1933-yilda ko‘prik ostidagi daryo kanali quritildi va kanal bo‘ylab ko‘cha yotqizilgan. Shundan buyon bu yer Quruq ko‘prik deyila boshlangan.

Tbilisi metrosi ham kelgan sayyohlarni o‘ziga jalb qiluvchi inshootlardan biri. U 1966-yil 11-yanvarda foydalanishga topshirilgan. Dastlab oltita bekatga ega bo‘lgan metrodagi bekatlar 2017-yilgacha 23 taga yetdi.

Vagonlardagi eʼlonlar, bekatlar nomi gruzin va ingliz tillarida yozilgan. Bu metro dunyodagi eng chuqur metrolardan biri hisoblanadi.

Tbilisida yagona hisoblangan Juma masjid 18-asrda Usmonli turklar tomonidan qurilgan. Bizning yo‘lboshchimizning aytishicha, bu masjidda shialar va sunniylar birga namoz o‘qir ekan. Bu masjidning noyobligi, faqat bu yerda har xil islomiy oqim vakillari erkin ibodat qilishida emas. Uning o‘ziga xosligi arxitekturasida ham namoyon bo‘ladi, bunda islomiy naqshlar bilan birga neogotik unsurlar ham bor. Shuningdek, bu masjidda faqat bitta minora bo‘lib, masjidning ichki qismi turli ranglarda ishlangan chiroyli husnixat va naqshlar bilan bezatilgan. Bino bir qancha boshqa go‘zal tarixiy binolarning yonida joylashgan bo‘lib, Tbilisiga o‘ziga xos qiyofa bag‘ishlaydi.

photo_2022-06-21_21-14-27

photo_2022-06-25_08-40-34

photo_2022-06-25_08-40-35 (4)

Ko‘pgina sayyohlar Quruq ko‘prik bilan Tinchlik ko‘prigini farqlay olmaydi. Men ham avvaliga ikkala ko‘prikni faqat bir nom bilan Quruq ko‘prik deb atab yurgan ekanman. Bu galgi safarimda Singapurni eslatuvchi, oynalardan qurilgan o‘ziga xos ko‘prikni gruzinlar Tinchlik ko‘prigi deyishini bilib oldim. Bu ko‘prik haqida ortiqcha aytib o‘tirish shart emas. Rasmini ko‘riboq qanday chiroyli inshoot ekanligini anglasa bo‘ladi. Ko‘prik 2010-yilda qurilgan.

Shaxsan menga gruzinlarning mehmondo‘stligi, o‘z tarixidan uyalmasligi (chunki juda ko‘p buzilib va nurab yotgan uylar), vatanparvarligi, o‘z tili va yozuviga bo‘lgan sevgisi yoqdi.

Siz ham sayohat qiling va bu go‘zal o‘lkaga oshiq bo‘lib qoling.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar