O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (07.07.2023y, VM-279-son) qabul qilindi.
Unda tadbirkorlik subʼektlariga imtiyozli kredit olish shartlari kiritilgan.
Kredit olish uchun mustaqil yoki hokim yordamchisi ko‘magi bilan platforma orqali elektron shaklda ariza taqdim etiladi.
Аriza banklar tomonidan bir kun muddatda avtomatlashtirilgan holda ko‘rib chiqiladi.
Muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lganda, ariza avtomatik ravishda rad etiladi.
Kreditlar 14 foiz stavkada 7 yilgacha, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi. Bunda kreditlar:
▪️5 mlrd. so‘mgacha – 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subʼektiga;
▪️10 mlrd. so‘mgacha – 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subʼektiga;
▪️15 mlrd. so‘mgacha – 200 tadan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subʼektiga ajratiladi.
Kredit olish uchun taqdim etilgan hujjatlar banklarning ichki kredit siyosati va kreditlash bilan bog‘liq amaldagi tartiblarga muvofiq anderrayting tizimi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Tadbirkorlik subʼekti tomonidan hamkorlik shartnomasida belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari rahbarlari va hokim yordamchilarining bu haqida tuzgan dalolatnomalari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari moliyalashtiruvchi bankning tijorat kreditlari uchun belgilangan foiziga o‘zgartiriladi. Ushbu qoida kredit shartnomasida aks ettiriladi.
Mazkur nizom talablari uy-joy qurilishi bilan bog‘liq loyihalar uchun kredit olishga tadbiq etilmaydi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi Dastur doirasida barcha toifadagi tadbirkorlik subʼektlariga ajratiladigan kreditlar uchun quyidagi miqdorlarda kafillik taqdim etadi:
▪️3 mlrd. so‘mgacha – 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subʼektiga;
▪️4 mlrd. so‘mgacha – 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subʼektiga;
▪️5 mlrd. so‘mgacha – 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik subʼektiga.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari