Ayrim mansabdorlarning injiqligimi yoki shaxsiy manfaatning ustunligimi, Qo‘qon shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlariga ixtisoslashgan “Innovatsion xirurgiya markazini tashkil etish” loyihasining barbod qilinishi va bank mablag‘larining havoga sovurilishi haqida...
Avval ham bu mavzuda bir necha bor videomateriallar e’lon qilganmiz. Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida 1999-yildan buyon aholiga malakali xususiy tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Yigitov Clinic” MCHJning amalga oshmagan mega loyihasi va “Asakabank” Qo‘qon filiali ayrim mansabdorlarining xatti-harakatlari xususida gapirib o‘tmoqchimiz.
Bir nechta davlat dasturlari va investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan, jumladan Prezidentning 2019-yil 6-7-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoniga ilova “Qo‘qon shahrida 2019-2020-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati”ga 29-tartib raqami bilan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-dekabrdagi 1001-sonli qaroriga ilova investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga “Xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish sohasidagi loyihalar” ichiga 36-tartib raqami bilan kiritilgan loyihaning “Asakabank” AJdagi ayrim shaxslar uchun “BIR TIYIN” ekanligi ayon bo‘lmoqda.
Sababi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarorida loyiha qiymati 16 mln dollar ekanligi, shundan 11 mln dollarini “Asakabank Qo‘qon” filiali moliyalashtirishi belgilangan bo‘lsada, amalda bank 12 mlrd so‘m kredit ajratgan xolos. Qolgan 10 mln dollar atrofidagi kredit mablag‘i hech qanday sababsiz ajratilmagan. Qarorlar va dastur ijrosi bajarilmagan. Oqibatda loyiha amalga oshmagan.
Shunday bo‘lsada, bank tadbirkorning bir necha bor loyihani yakuniga yetkazish, kredit mabalag‘larini qolgan qismini ajratilishini so‘rab qilgan murojaatlarini inobatga olmasdan, aksincha ajratgan kredit mablag‘ini muddatidan oldin undirish bo‘yicha sudga bergan. Vaholanki, tadbirkor olingan kredit mablag‘i bo‘yicha bankka 8,5 mlrd so‘m pul to‘lagan. O‘sha holatga muddati o‘tgan asosiy qarzdorlik 160 mln so‘m bo‘lgan xolos.
Sud esa bankning da’vosini qanoatlantirib, undiruvni garov mulkiga ya’ni tadbirkorning mulkiga qaratgan. Sud qarori bo‘yicha ijro ishi yuritilgan, mulklar auksion savdosiga chiqarilgan. Lekin, xaridor topilmagach, mulk qiymati 10 foiz arzonlashtirilib, yana qayta savdoga qo‘yilgan. Shunda ham sotilmagach, MIB xodimlari mulklarni balansga olishni undiruvchiga, ya’ni bankka taklif qilgan.
Bank mulklarni balansga qabul qilib, kredit qarzdorligini yopish o‘rniga o‘ziga xos “o‘yin ko‘rsatgan”. Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 14-iyuldagi qarorida bankning xatti-harkatiga quyidagicha baho berilgan:
“Asakabank” AJ tomonidan 2023-yil 10-fevral hamda 11-mart kunlari rozilik xatlari berilgan bo‘lsada, biroq qonun talabi bo‘yicha yakuniy qaror taqdim etilmagan, mol-mulklarni balansga olishga yuzaki ravishda rozilik xati berilib, mol-mulk taqdiri uzil kesil hal qilinmagan. Bu bilan “Asakabank” AJ taklif qilingan mulklarni balansiga qabul qilish bo‘yicha qaror qabul qilish choralarini ko‘rmasdan, mol-mulklarni qabul qilishni rad etishni boshqacha yo‘li bilan, ya’ni ijro hujjatini ijrosiz qaytarib berishni so‘rab rozilik xati bilan murojaat qilgan”.
Ya’ni, “Asakabank” AJ garov obyektlaridan voz kechgan holda ushbu garov obyektlarini “Yigitov Clinic” MCHJning ijro hujjati bo‘yicha qarzdorligi evaziga arzonlashtirilgan narxda olib qolish va qarzdorlikni bartaraf etish imkoniyatidan qasddan voz kechgan.
Vaholanki, garov mulkining bozor bahosi 45 mlrd so‘mni tashkil etsada, bank 2 ta binoni 15 mlrd so‘mga garovga qabul qilgan. Bank garov qiymatida balansga qabul qilsa ham zarar ko‘rmaydigan vaziyat edi.
Oqibatda bank bilan tadbirkor o‘rtasida tuzilgan garov shartnomasi mavjud qonunlarga muvofiq bekor bo‘lgan. Bu bo‘yicha tegishli sud qarori qabul qilingan bo‘lsada, bank hanuzgacha garov mulkini “Garov reyesti”ridan asossiz ravishda chiqarmasdan, sud qarori ijrosini bajarmasdan kelmoqda.
Mazkur mojarolar sabab, 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelgan xususiy klinika o‘z faoliyatini kengaytirish, ko‘zlagan loyihasini amalga oshirish o‘rniga bugun bankrot deb e’lon qilingan.
Loyiha amalga oshganda nima bo‘lardi, deyishingiz mumkin?! Agar loyiha amalga oshganda Qo‘qon shahrida 200 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy xirurgiya klinikasi paydo bo‘lar edi. Bu yerda yiliga 3000 ga yaqin murakkab, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Yuz mingga yaqin aholiga xalqaro standartlarga javob beradigan malakali va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoni paydo bo‘lardi. Bu bilan bir qancha ish o‘rni va yana davlat budjetiga qo‘shimcha soliq tushumini ta’minlagan bo‘lardi. Shuningdek, tibbiyot sohasida ta’lim olayotgan kadrlar uchun ilmiy-amaliy markaz shakllanishi mumkin edi.
Shu sababli, prokuratura organlaridan davlat dasturlari, Prezident va hukumat qarorlari ijrosini bajarmagan, o‘zlarining g‘ayriqonuniy qarorlari bilan bank manfaatlariga ham ma’lum ma’noda zarar yetkazgan bank mansabdorlariga nisbatan javobgarlik masalasini ko‘rib chiqilishini so‘raymiz.
“...Tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol - mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda budjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatidan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtini ham boqadi. Shu ma’noda tadbirkor bu haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman”, degan edi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Boshga ko‘tarilishga haqiqiy ma’noda loyiq tadbirkorlar bugun yurtimizda juda ham ko‘p. Afsuski, ayrim g‘arazgo‘y, hudbin va nafsining quliga aylangan shaxslar mamlakat taraqqiyotining poydevori bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. O‘zbekistonda keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni yuqoridagi kabi banklarga yoki shu kabi shaxslarga ishonib topshirilar ekan, rivojlanish haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari