• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Iqtisodiyot Farg‘onalik paxtakorlar paxta rejasini birinchi bo‘lib bajardi
Iqtisodiyot

Farg‘onalik paxtakorlar paxta rejasini birinchi bo‘lib bajardi

  • 12.10.2019 / 11:03
  • 3762
  • 0
111

Fermer xo‘jaliklari tomonidan mo‘l hosil yetishtirilib, 238 ming 600 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etildi, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi.

Ha, bugun qadimiy dehqonchilik anʼanalariga ega bo‘lgan Farg‘ona ahli, uning g‘ayrat-shijoati, mirishkorlik fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Ular ulkan yutuqni qo‘lga kiritdi. Yaxshi xabarning qanoti bor deyishadi. Viloyat paxtakorlarining erishgan zafari bugun barchani behad mamnun etmoqda.

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligini ham modernizatsiya qilish borasida eng muhim vazifalar aniq belgilab olingan bo‘lib, ular izchil amalga oshirib borilayotgani o‘zining amaliy samaralarini ko‘rsata boshladi. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan paxtachilikda innovatsion g‘oya-klaster tizimi joriy etildi. Viloyatda ham birinchilardan bo‘lib paxta yetishtirishda mazkur tizim o‘tgan yilda birgina Rishton tumanida qo‘llangan bo‘lsa, joriy yilda viloyatning 9 ta tumanida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etildi.

Mirishkor dehqonlar va mutaxassislarning taʼkidlashicha, paxtachilikda bunday yuqori hosildorlikka erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Bunda bilim, malaka va tajriba kerak. Viloyatda mineral o‘g‘itlardan noto‘g‘ri foydalanish natijasida tuproq tarkibida nitrat meʼyoridan oshib ketgan edi. Natijada paxta hosildorligi pasayib, g‘o‘zaning pishish muddati kechika boshladi. Shuning uchun o‘tgan yil kuzdayoq yerga mahalliy o‘g‘it-kompos solishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Lekin buning o‘zi kam edi. Sho‘r yuvish qoidalariga jiddiy eʼtibor qaratildi. Аmalga oshirilgan bu ishlar samarasi o‘laroq yerlar meliorativ holati yaxshilandi.

Darhaqiqat, g‘o‘zaning hudud sharoitiga mos navlarini to‘g‘ri tanlab joylashtirish, obi-tobida ekish mo‘l hosilga qo‘yiladigan talablardan biridir. Joriy yilda 2 ming 149 ta fermer xo‘jaliklari 82 ming 80 gektar maydonga chigit ekdi. G‘o‘zani navlar bo‘yicha joylashtirishda avvalo hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, suv taʼminoti hamda sohaning yetakchi olim va mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, shuningdek, klaster korxonalari takliflari inobatga olindi. G‘o‘zaning «S-8290», «Namangan-77», «Sulton», «S-6524» navlari ekilib, agrotexnik tadbirlarga muhim eʼtibor qaratildi.

Dunyo paxtachiligida tola sifati va hosildorligi yuqori, ertapishar, kasallik va zararkunanda hasharotlarga chidamli, tabiatning turli noqulayliklariga bardoshli g‘o‘za navlarini yaratish eng muhim vazifalardan sanaladi. Eʼtiborli jihati, bu yil viloyatda 6 ming 980 gektar maydonda yangi navlar sinovdan o‘tkazildi. Xususan, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev boshchiligidagi guruh tomonidan yaratilgan yangi nav iqlimga mosligi, hosildorligi va tolasining sifati bilan dehqonlarga maʼqul bo‘lmoqda.

G‘o‘za parvarishi ham muhim jarayon bo‘lib, bu ishlar ilg‘or tajribalar asosida tizimli tashkil etildi. Klaster korxonalari tomonidan mineral o‘g‘itlar zaxirasini to‘liq yaratilganligi hamda fermer xo‘jaliklariga vaqtida uzluksiz yetkazib berilishi o‘z samarasini berdi. Innovatsion usul sug‘orish tizimida ham sinovdan o‘tkazildi. 331 gektar maydonda tomchilatib, tuproq sharoiti suvni ko‘p sarf qilinadigan maydonlarda 176 komplekt egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish joriy etildi.

Viloyatda g‘o‘za parvarishida uning rivojini tezlashtirish va hosildorlikni 3-5 sentnerga oshirish maqsadida biologik faol moddalar-biostimulyatorlar qo‘llandi. Joriy yilda g‘o‘za defoliatsiyasining o‘z muddatida va sifatli o‘tkazilganligi natijasida yetishtirilgan hosilning yog‘ingarchilik kunlarga qolmay yig‘ishtirib olish imkoniyati yaratildi.

Klaster korxonalari tomonidan moddiy-texnik bazani mustahkamlash masalasi asosiy vazifa sifatida belgilandi. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 50 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 40 dona haydov traktori, 100 dona chopiq traktori, 80 dona transport traktori, 120 dona chigit ekish seyalkasi, 90 dona kultivatorlar, 300 dona omoch, 85 dona purkagichlar, 35 dona mineral o‘g‘it sepish moslamalari olib kelinib, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishiga erishildi.

Аlbatta amalga oshirilgan mazkur ishlar natijasida dalalarda mo‘l hosil yetishtirildi. Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish, terimga fermer xo‘jaligi aʼzolarini va ish bilan band bo‘lmagan uyushmagan aholini ixtiyoriy jalb etish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rildi.

Viloyat bo‘yicha 2019 yilda paxta xomashyosi yetishtirish va terib olish uchun 877 milliard 225 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Yetishtirilgan paxtadan fermer xo‘jaliklari kesimida olingan aniq hisob-kitoblarga asosan 340 milliard so‘m foyda olinishi kutilmoqda.

M.Sulaymonov,

foto M.Qodirov.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar