“Fargʻonaazot” korxonasi ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini muzokaralar uchun ommaviy taklif sotuv jarayoni orqali sotish boshlandi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 13-fevraldagi “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sogʻlomlashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Fargʻonaazot” ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini muzokaralar uchun ommaviy taklif sotuv jarayoni orqali sotish rejasini eʼlon qildi.
Deloitte TCF LLP ushbu Bitim boʻyicha Davaktiv agentligining yetakchi maslahatchisi hisoblanadi. Xalqaro Moliya Korporatsiyasi ham aktivni xususiylashtirishga yordam beradi.
Xabarga koʻra, sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq boʻlgan raqobat muhiti asosida tashkil etilgan. Jarayon manfaatdor ishtirokchilardan majburiy boʻlmagan (non-binding offers), soʻngra majburiy boʻlgan (binding offers) takliflarni olishdan va bir yoki bir nechta manfaatdor nomzodlar bilan keyingi muzokaralarni oʻtkazishdan iborat boʻladi.
“Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati 1962-yilda tashkil etilgan. Korxona Oʻzbekistonda mineral azotli oʻgʻitlar, defoliantlar va sellyuloza atsetatlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Qayd etilishicha, korxona 3 ta asosiy kompleksga boʻlingan. Bulardan birinchisi mineral oʻgʻitlarni ishlab chiqarish majmuasi boʻlib, unda AM-76 keng koʻlamli ammiak agregati, konsentratsiyalanmagan AK-72M azot kislota va AS-72M ammiakli selitra va karbamid ishlab chiqariladi.
Shuningdek, natriy xlor va magniy xlorat defoliantini ishlab chiqarish majmuasi hamda atsetat tolasi va sellyulozaning murakkab efirlarini ishlab chiqarish majmualari korxona tarkibidan hisoblanadi.
Bundan tashqari, azot-fosfor oʻgʻitlari AFO, KAS suyuq oʻgʻiti, suyultirilgan azot-kalsiyli oʻgʻit, Darmon issiqxona xoʻjaliklari uchun oʻgʻitlar, natriy nitrati, natriy bikarbonati, polietilen paketlar, mineral oʻgʻitlarni konteynerlar bilan taʼminlash uchun polietilen qoplar va boshqa sexlar mavjud. Korxonaning jami ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,8 million tonna oʻgʻitni tashkil qiladi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari