Bugun, 22-dekabr kuni birinchi raqamli bank oʻz faoliyatini boshladi. Fargʻona shahrining Yuksalish koʻchasida Gruziyaning TBC Banki mintaqaviy shou-rumining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqida vodiy24.uz muxbiri xabar qildi.
Tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari - viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻi Iqboljon Ergashev, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi Turobjon Qunduzov, “TBC Bank” ATB Boshqaruv kengashi raisi Spartak Tetrashvililar ishtirok etishdi.
Soʻz olganlar viloyatdagi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, yangi bank faoliyat boshlayotganligini, uning oʻziga xos jihatlarini aytib oʻtishdi. Eʼtiborlisi, mazkur bank xizmatlaridan onlayn foydalaniladi. Foydalanuvchilar uchun TBC UZ ilovasida roʻyxatdan oʻtib, toʻlaqonli mijozga aylanish, shuningdek, bank kartasini olish borasida malakali mutaxassislardan maslahatlar olish imkoniyati yaratilgan.
30 yillik tarixga ega boʻlgan Gruziya TBC Bankining Fargʻona shou-rumida hozirgi kunda 30 ga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Shu bilan viloyatda xorijiy banklar soni uchtaga yetdi va bugungi kunda jami 22 ta aksiyadorlik tijorat banklari faoliyat olib bormoqda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari