Oʻn kun davomida “Umakay” postida ushlab turilgan chigit “urugʻlik uchun edi” deyildi va boshqasiga almashtirib berildi. “Texnik chigit” deya aytilayotgan yuklar ortilgan “karvon” Kattaqoʻrgʻonga kirib keldi.
Bu haqda chigitni birjadan sotib olgan “Maroqand Gold Oil Ekstraksiya” MCHJ bosh hisobchisi Umidjon Toirovga tayanib Kun.uz xabar qildi. Unga koʻra, postda oʻn kun davomida qolib ketgan mahsulot “Oq Saroy Textile” MCHJ tomonidan qaytarib olib ketilgan va uning oʻrniga 7-yanvar kuni yuz tonna chigit Kattaqoʻrgʻon shahriga yetkazib berilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yilning 28-dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi “Umakay” postidan 100 tonna chigit Qashqadaryo viloyati hokimining topshirigʻiga koʻra oʻtkazilmagani aytilgan edi.
Shundan soʻng Qashqadaryo viloyati hokimligining bayonoti eʼlon qilindi. Unda mahsulot tadbirkorning hujjatlaridagi kamchilik sabab toʻxtatilgani maʼlum qilindi.
Holatni oʻrganish maqsadida Vodiy24.uz tahririyati muxbirlari Qashqadaryoga yoʻl oldi. Dastlab, bevosita postda chigit ortilgan yuk mashinalarini toʻxtatgan YPX inspektori katta serjant Avazov Akramdan izoh oldi. Uning taʼkidlashicha, “Umakay” YPX maskanida doimiy avtotransportlar va ulardagi yuklar doimiy nazoratdan oʻtkazib kelinadi. Oʻsha kuni chigit ortilgan yuk mashinalari ham nazorat uchun toʻxtatilgan va xujjatlarida shubha uygʻongani sababli tekshirish uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, transport vositalari vaqtincha saqlash uchun tortib qoʻyilgan.
Bu masalada Qashqadaryo viloyati hokimi hech qanday topshiriq bermagani va uning YPX xodimlariga toʻgʻridan-toʻgʻri topshiriq berishga vakolati yoʻqligi aytib oʻtdi.
Undan keyin chigitni birja savdolari orqali sotgan “Oq Saroy Textile” MCHJ bosh direktori Qosimov Dilshoddan izoh soʻraldi. Uning aytishiga qaraganda, korxona masʼul xodimlarining xatosi bilan texnik chigit oʻrniga 2022-yil hosili uchun ekilishi rejalashtirilgan urugʻlik chigit yuklab yuborilgani maʼlum boʻldi. Bu holat boʻyicha xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini maʼlum qildi. Postda ushlab turilgani aytilgan chigitni esa qaytarib olib, oʻrniga texnik chigit berilishini, isteʼmolchi korxonadan anglashilmovchilik uchun uzr soʻrashini aytib oʻtgan edi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari