• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Sport Stol tennisi: epchillar va mohirlar bahsi
Sport

Stol tennisi: epchillar va mohirlar bahsi

  • 01.12.2022 / 12:38
  • 1346
  • 0
111

Farg‘ona viloyat sport o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida stol tennisi bo‘yicha “Mahalla kubogi” respublika turnirining viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (2020 yil 30 dekabr) farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilgan turnir qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. Mahallalarda ommaviy sportni yanada rivojlantirish, yoshlarni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol qilib tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan stol tennisi bahslari nafaqat shahar va tuman markazlari, balki chekka mahallalarda ham har jihatdan sog‘lom, mohir, epchil yoshlarni saralash, qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini berdi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, yoshlar ishlari agentligi, milliy gvardiya, madaniyat va sog‘liqni saqlash, sport boshqarmalari, stol tennisi federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan musobaqalarning saralash bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan mahalla jamoalari viloyat bosqichida o‘zaro kuch sinashdilar.

Jamoa o‘yinchilari soni bir o‘g‘il va qizdan iborat bo‘lib, o‘yinlar davomiyligi uch partiya, 11 ochkodan iborat bo‘lgan holda o‘tkazildi.

Bellashuvlarga boy bo‘lgan uchrashuvda mohirlik va epchillikda boshqa tengqurlaridan ustun kelgan Uchko‘prik tumanidagi “Uchko‘prik” mahallasining sportchi yoshlari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar. Endilikda ular ushbu nufuzli turnirning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi. Ikkinchi o‘rin Toshloq tumanidagi “Chek”, uchinchi o‘rinlar Qo‘shtepa tumanidagi “Fayz” hamda Quva tumanidagi “Yuziya” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlaridan tarkib topgan tennischilarga nasib qildi.

– Ommaviy sport musobaqalari mahallada, asosan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni saralash va qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini bermoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi raisi Bahodir Yulbarsov. – To‘g‘ri, yoshlarning barchasi chempion bo‘lmasligi mumkin, lekin sportga jalb etish orqali sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda bunday sport o‘yinlarining ahamiyati katta.

Viloyat miqyosida o‘tkazilgan turnirning dastlabki saralash bosqichida 897 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 4 ming 400 nafadan ortiq yosh sportchilar o‘zaro kuch sinashdi. Saralash bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1794 nafar yosh tennischilar shahar va tuman birinchiligida ishtirok etib, g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Musobaqada milliy gvardiya xizmatchilari tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Turnir ishtirokchilari va sovrindorlar “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan medal, diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

“Mahalla” хayriya jamoat fondi 
viloyat boshqaruvi matbuot xizmati

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar