O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘nggi tur doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda O‘FA Matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, Superliganing 23-turi doirasidagi "Bunyodkor" - "Neftchi" uchrashuvida "Neftchi" futbol klubi muhlislari tomonidan uchrashuv davomida, shu jumladan, uchrashuvning tanaffus vaqtida va o‘yin yakunlangandan so‘ng uchrashuv hakamlari sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatilgani hamda maydonga turli xil buyumlar uloqtirilgani bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha tegishli chora ko‘rildi.
Shuningdek, uchrashuvga oid videoyozuv va boshqa ma’lumotlar tahlil qilinganda mezbon jamoa sifatida "Bunyodkor" futbol klubi tomonidan stadionda jamoat tartibi va xavfsizligining ta’minlanishi yetarlicha tashkil etilmagani aniqlandi.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, "Neftchi" futbol klubiga nisbatan o‘z muhlislari tomonidan salbiy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olinmagani uchun O‘FA Intizom kodeksining 5.34-bandiga (O‘zPFL, Musobaqalar Reglamenti va Litsenziyalash Reglamenti talablarini bajarmagani uchun – pul jarimasi) asosan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Shuningdek, "Bunyodkor" futbol klubiga nisbatan stadionda jamoat tartibi va xavfsizligining ta’minlanishi yetarlicha tashkil etilmagani uchun O‘FA Intizom kodeksining 5.9-bandiga (stadionda jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlamagani uchun) asosan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.
Ushbu turdan o‘rin olgan "Andijon" - OKMK o‘rtasidagi uchrashuvda esa, "Andijon" futbol klubi muhlislari tomonidan o‘yin davomida, shu jumladan, uchrashuvning tanaffus vaqtida va o‘yin yakunlangandan so‘ng uchrashuv hakamlari sha’niga haqoratli so‘zlar ishlatilgani hamda turli xil buyumlar uloqtirilgani, uloqtirilgan buyumlardan biri yordamchi hakamga tekkani qayd etilgan.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, "Andijon" futbol klubiga nisbatan kelgusi 1 ta uy uchrashuvini tomoshabinlarsiz o‘tkazish va jarima intizom chorasi qo‘llanilgan.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari