Joriy yil 3 oktyabr kungi “Farg‘ona viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarorining qabul qilinishi esa yana bir ezgu ishlarning biri bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, Farg‘ona viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan “Shohimardon” turizmni rivojlantirish direksiyasi rasmiylari va hukumat vakillari, shohimardonliklar ishtirokida tantanali rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish marosimi tashkillandi.
Direksiyaning asosiy vazifalaridan biri – Farg‘ona tumani “Shohimardon” va “Yordon” MFYlarda turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash, ushbu MFYlarning ekoturizm salohiyatini inobatga olgan holda yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqishdan iborat.
– Shohimardon hamda Yordon mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 174 ta obyektlar ro‘yxati shakllantirildi. Bularning 37 tasi talablarga javob bera oladigan, sharoitlari yetarli obyektlar hisoblanadi, – deydi Farg‘ona viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Temirov. – Direksiyaning oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri hozirgi kunda qarovsiz, bo‘sh yotgan, ishlatilmayotgan dam olish obyektlarini mahalliy va chet el investorlarini jalb qilgan holda, zamonaviy qurilish loyihalari asosida qayta rekonstruksiya qilish, qurish va tashrif buyuruvchilarga barcha sharoitlarni bosqichma-bosqich yaratib berishdan iborat. Bundan tashqari, yaqin kelajakda qishloq markazida madaniy dam olish va ko‘ngilochar maskanlar, mehmonxona, kemping, xosting obyektlarini ham bunyod etmoqchimiz.
Tadbirkorlik va har qanday yuridik faoliyat tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlaridan boshlanadi. Bu haqda tez-tez takrorlab turadigan soha xodimlari shu kuni yana bir ezgu ishga qo‘l urdilar. Qirg‘iziston Respublikasida oliy ta’limni tamomlagan Nafisa Dadajonovaning muammosiga yechim topildi.
– 1998 yilda Qirg‘izistondagi Qirg‘iz-o‘zbek universiteti pedagogika va boshlang‘ich ta’lim metodikasi fakultetini tamomlaganman, – deydi shohimardonlik Nafisa Dadajonova. – Lekin o‘sha yillarda mamlakatimizda diplomim to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmadi. Nostrifikatsiya qilish uchun esa uning jarayonlari, tartibi haqida biror joydan to‘liq va ishonchli ma’lumot ololmadim. Mana, o‘n bir yil deganda, Farg‘ona tumanining o‘zidagi davlat xizmatlari markazida xorijda o‘qiganligim haqidagi xujjatga qonuniy baho berildi. Shohimardonda o‘nlab yoshlar xorijda taqsil olishgan. Agar ularning hujjatlari nostrifikatsiya qilinsa, hududimizda kadrlar masalasiga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada kamayadi.
Shu kuni Shohimardon mahalla fuqarolar yig‘inida aholi uchun sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Fuqarolarga kadastr, yer-mulk, INN, INPS olish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Albatta, davlat xizmatlari agentligi xodimlari aholiga munosib tarzda xizmat ko‘rsatish barobarida, turizmni rivojlantirishga ham o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar. Shohimardon va Yordon mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlarida esa hozirda viloyat hokimligining ishchi guruhi faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ushbu ishchi guruh muayyan muddatda 174 ta dam olish maskanlarini qayta o‘rganib, ularning hududiy joylashuvini hisobga olgan holda, yangi va zamonaviy loyihalar uchun takliflar kiritadi.
Elyor A’zam
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari